Maxfiylik siyosati

Oxirgi oʻzgarish

Bu sahifa Flex qanday maʼlumotlarni yigʻishini, nima uchun yigʻishini va ular kimga koʻrinishini tushuntiradi. Qisqasi: profil — ochiq sahifa va unda nima turishini oʻzingiz belgilaysiz; qolgani xizmat ishlashi uchun zarur boʻlgan eng kam maʼlumot.

Ushbu hujjatning asl matni oʻzbek tilida tuzilgan. Rus va ingliz tilidagi versiyalar qulaylik uchun berilgan; nizo yuzaga kelganda oʻzbek tilidagi matn asosiy hisoblanadi.

01Qanday maʼlumotlar yigʻiladi

Hisob uchun: telefon raqamingiz yoki elektron pochtangiz. Ular kirish va buyurtmani sizga bogʻlash uchun kerak.

Profil uchun: ism, tavsif, havolalar, xizmatlar va rasm. Bularni oʻzingiz kiritasiz va oʻzingiz oʻzgartirasiz.

Buyurtma uchun: yetkazib berish manzili va aloqa raqami.

Biznes soʻrovi shaklidan: kompaniya nomi, ism, telefon, nuqtalar soni va izoh. Shakl faqat siz toʻldirgan maydonlarni yuboradi.

Profil tashriflari hisoblanadi. Obuna tarifida bu statistika profil egasiga koʻrinadi.

Profilga kontakt qoldirsangiz, siz yozgan ism va telefon profil egasiga koʻrinadi va u tomonidan chiqarib olinishi mumkin. Bu maʼlumot faqat siz oʻzingiz qoldirganingizda saqlanadi.

02Profil — ochiq sahifa

Raqam ochadigan profil — izlab topiladigan ochiq sahifa. Unda turgan hamma narsani istalgan odam koʻradi, shuning uchun unga faqat koʻrinishini istagan narsangizni qoʻying.

Telefon raqamini yashirib, faqat xabar yoki Telegram tugmasini qoldirish mumkin.

03Nima uchun kerak

Yigʻilgan maʼlumot faqat xizmatni koʻrsatish uchun ishlatiladi: hisobga kirish, buyurtmani yetkazish, obunani hisoblash va profilni koʻrsatish.

Maʼlumotlar sotilmaydi va reklama uchun uchinchi shaxslarga berilmaydi.

04Kimga beriladi

Toʻlov tizimlariga — Payme yoki Click — toʻlovni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan maʼlumot. Toʻlov ularning sahifasida oʻtadi; karta maʼlumotlari bu saytda saqlanmaydi.

Yetkazib berish xizmatiga — qurilmani yetkazish uchun manzil va aloqa raqami.

Qonun talab qilgan hollarda — vakolatli organlarga.

05Cookie fayllar

Sayt ikkita cookie ishlatadi: tanlagan tilingizni eslab qoladigani va hisobga kirganingizni bildiradigani. Ikkinchisi brauzerdagi skriptlar uchun oʻqib boʻlmaydigan qilib qoʻyilgan.

Reklama yoki kuzatuv cookie fayllari ishlatilmaydi.

06Saqlash va oʻchirish

Profil maʼlumotlari siz ularni oʻzgartirgan yoki oʻchirgangacha saqlanadi. Profilni istalgan vaqtda oʻchirishingiz mumkin.

Raqamni boshqa odamga oʻtkazganingizda profil maʼlumotlari oʻchiriladi va yangi egaga oʻtmaydi.

Buyurtma va toʻlov yozuvlari qonun talab qilgan muddat davomida saqlanadi.

07Murojaat

Maʼlumotlaringiz boʻyicha savol yoki ularni oʻchirish talabi boʻlsa, aloqa sahifasidagi manzillarga yozing. Har bir murojaat bir ish kuni ichida koʻrib chiqiladi.

Aloqa sahifasi